KIRAKASHLIK HAM HALOLLIKNI TALAB QILADI YOXUD TARTIBLI YO‘LDAGI TARTIBSIZLAR

105

Ayni kunlarda taksi haydovchilari soni ko‘paygani aniq. Boisi, barcha tumanlardan abituriyentlar o‘zlari tanlagan oliy ta’lim dargohiga hujjat topshirish uchun yo‘lga chiqishadi. Jumladan, Shahrisabz,Yakkabog’ va Kitob tumanida ham. Viloyatning tog‘li hududlarida bilimga chanqoq yoshlar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Biroq, masalaning boshqa tomoni bor. Yuqorida aytib o‘tgan tumanlarga borish uchun ayni kunlarda sarson-sargardonlikka uchraysiz. Qarshi shahrida avtomobillar to‘xtash joyi yo‘q. Xohlagan haydovchi yo‘lning istalgan joyidan yo‘lovchilarni avtouloviga o‘tkazadi. Bu jarayonlarni bir chekkada kuzatib tursangiz dilingiz xira tortadi.Mashinasiga tezroq odam to‘ldirish istagida bo‘lgan kishi chaqqon, olg‘ir kerak paytida yolg‘onchi va ta‘magirga ham aylanadi,qoladi. Essiz odamiylik degingiz keladi.

Bugun ham  Qarshi pedogogika kolleji yoqasidagi ko‘cha har qachongidanda gavjum. Kimdir janjal qiladi, kimdir so‘kadi, baqiradi. Haydovchidan tortib, yo‘lovchilar ham asabiy.Ular bozordan biron buyumni sotib olayotgandek savdolashadi.

Shu kezlarda yoshi ulug‘ keksa odam barchaga insof so‘raydi. Yonimda turgan tartibsiz haydovchi esa: “ Sen so‘ragan insof bilan qorin toְ‘yarmidi”,- deb noliy boshlaydi.

Haydovchilarning o‘yini qiziqda, bitta odam olamiz, ketamiz deydi-yu mashinaga o‘tirsangiz hech kim bo‘lmaydi. Hattoki, ketib qolmasin deb mashinaning orqa qismiga yuklaringizni joylab qulflab qo‘yadi. Ana  endi bir joyga ketingchi, ketolmaysiz, qancha kutish kerak bo‘lsa kutasiz. Siz bilan arzonroq narxga gaplashib buni boshqa yo‘lovchilarga aytmaslikni tayinlashi esa juda kulguli.  Uzoq kutasiz va nihoyat o‘rindiqlar to‘lib yo‘lga otlanganingizda  tartibsiz haydovching navbatdagi nayrangi chiqib qoladi. U barcha yo‘lovchilarga iltimos qilishga tushadi. Agar yo‘lda yo‘l patrul xizmati xodimi to‘xtatib qolsa, taksi emas qarindoshim deb aytinglar deydi. Yetti yot begona bilan bir zumda qarindoshga aylanasiz, qolasiz. Albatta familiyasini ham yo‘l –yo‘lakay yo‘l patrul xizmati xodimi so‘raganda  yo‘lovchining yodidan ko‘tarilmasin deb takrorlab boradi.Odatda manzilimizga yetib olish uchun bunday tartibsiz haydovchilarning nayranglariga e’tibor bermaymiz. Axir halolmi yo‘qmi pul topishi,  uyidagi bola-chaqasini boqishi kerak.

Buzoqni yugurgani somonxonagacha deganlaridek, bir kuni tartibsizliklari uchun katta jarimaga tortiladi. Ammo, bu deyarli ko‘plab haydovchilarga dars bo‘lmagani ayanchlidir.

Ilgarilari kirakashlik savobli ishlardan biri hisoblangan.Ammo bugun haqiqiy haydovchi bilan firibgarlarni farqlash ancha qiyin.

Fikrlarimiz va haydovchilar haqidagi xulosalarimiz, kimlargadir yoqmas, ammo bu gaplar bugun ko‘plab yo‘lovchilarning dilidagi gaplardir.

Uzog‘imizni yaqin qiluvchi, halollik bilan faoliyat olib borayotgan haydovchilarimiz ham yo‘q emas. Ularning mashaqqatli xizmatiga har qancha rahmat aytsak ham arziydi.

Dilshod  NABIYEV

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here