G’ALLAKOR NEGA CHO’LGA AYLANGAN?

124

Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidan 20- 25 km olislikda Buxoro viloyati bilan chegaradosh qismida “G‘allakor” qishloq fuqarolar yig‘ini joylashgan. Mazkur hududda  O‘rtor, Shirinbuloq, Qoraqum, G‘allakor mahallalari qaraydi. Har bir qishloqda o‘rtacha hisobda 500 nafar aholi istiqomat qiladi.

So‘ngi yillarda hududga qaratilayotgan e’tibor juda past. Ayniqsa mahalla markazlari aniq bo‘lmagani bois, fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolarga yechim topa olishmayapti.

G‘allakorga  10 yildan buyon suv kelmaydi. Natijada, bu joylar g‘allakor emas haqiqiy cho‘lga aylangan. Bu esa mazkur hududda istiqomat qiluvchi aholiga ko‘plab qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Xususan,suv yo‘q joyda hech qanday ekin ekib bo‘lmaydi.  Suv yo‘q yerda esa – aholining asosiy daromad manbai ham – yo‘q degani. Shuningdek,  qishloqda chorvachilik bilan shug‘illanish ham anchayin mushkul.

Sanasak sabablar ko‘p, ammo odamlar nimadan kun ko‘rishayapti, qanday yashashayapti? Mabodo G‘allakorga kelsangiz shu kabi savollar sizda ham tug‘ilishi aniq.

– Hududimiz Buxoro viloyatiga yaqin joylashgan. Aholining ko‘p qismi viloyatning chekka qishloqlariga kunlik hashar ishlariga chiqib pul topishadi deydi,- shu qishloqlik o‘qituvchi Salohiddin Mullayev. Qishloqda shifoxona ham, mahalla ham joylashmagan, hattoki faoliyat ko‘rsatmagan. Avvalgi poliklinikamizda tibbiyot jihozlari bo‘lmaganligi bois yopilgan. Bu yerda jazoni ijro etish muassasasi ham bor. Aholining turar joylari muassasa tarkibida bo‘lganligi uchun yerlar kadastr hujjatlari qilinmagan. Yashash sharoitimiz juda og‘ir. Maktablarimiz ham eski, ta’mirtalab bo‘lib,  moslashtirilgan binoda joylashgan. Eng achinarlisi esa hududimiz uzoq bo‘lganligi sababli hech kim  odamlar holidan xabar olmaydi. Hattoki ayrim mutasaddilarimiz bunday qishloqlar borligini bilishmasa ham kerak…

Muborak tumanining  respublikamiz sanoati rivojlanishida muhim o‘rni bor. Bu yerda mamlakatimizda yirik hisoblangan Muborak tuman gazni qayta ishlash zavodi faoliyat ko‘rsatadi. Korxonaning  daromad manbai qishloqlarni obod qilishga yetadi.  Axir, yurtboshimiz tashabbuslari bilan namunali va “Obod qishloq” loyihasi allaqachon hayotga tadbiq etildi-ku. Buning amaliy natijasini esa Manasda ko‘rib guvohi bo‘ldik. Demoqchi bo‘lganlarimiz shu yurt ravnaqi, shu xalq ertasi va obodligi uchun qayg‘urish har birimizning vijdoniy burchimizdir.

Mavzu yuzasidan mutasaddi rahbarlarga murojaatimiz. Hududlarda yashovchi aholining turmush darajasini yaxshilanishi uchun nima yetmayapti? Yoki yana qanday sabablar kerak? Axir bugun xalqning muammolarini o‘rganish, ijobiy yechim topish  muhim vazifa emasmi? O‘ylaymizki mas’ullar bu masalalarga jiddiy yondoshishadi.

Dilshod  NABIYEV

 

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here