“BETIMNING QALINI – JONIMNING HUZURI” QISHLOQLIKLARNI QACHONGACHA ALDAB KELISHADI?

80

Kuni kecha TVda Mirishkor tumanidagi “ Pomuq” shaharchasida olib borilgan “Obod qishloq” dasturi boʻyicha tayyorlangan koʻrsatuvni kuzatib qoldim.
E’tibor berib turib, jurnalistning gaplari g’ashimni keltira boshladi. Pomuqda unday boʻldi, Pomuqda bunday boʻldi. Aslida Pomuqda koʻngildagidek ish bajarildimi?
Yoʻq.
Bunday deyishinga asosimiz bor.
Bechora xalq Televideniya keladi, “sen gapirasan”, “sen gapirasan”- deb chiroyli soʻzlar oʻrgatib qoʻyilgandan keyin, oʻz darnini aytishga iymanadi, tortinadi. Chunki Pomuqliklarda andisha kuchli.

Ba’zan,  ba’zi jurnalistlarga ham hayron qolaman.

Qachongacha biz muammolarni yozmaymiz, oʻzimizni qiynamaymiz, yaxshi ishlar islohot haqida bong urib gapiramizu,biroq buni chindan ham islohot deya olamizmi?
Balki oʻz ishiga sovuqqon qarayotgan ba’zi qoʻshtirnoq ichidagi mutasaddilarni uyg’otishimiz kerakdir…

Xullas, gapirsa gap koʻp.
Keling yaxshisi Pomuqdagi yosh avlod egalari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida soʻz boshlay…
Eh…
Afsuski,  maqtab gapirolmayman. Chunki bolalar uchun Pomuqda hech qanday ish amalga oshirilmagan.

Muqaddas Noʻnayeva hududdagi 4 –MTMga mudira boʻlib  kelganiga 4 oy boʻldi.Bog’chaning dastlabki koʻrinishi haqida u shunday deydi:

-Men bog’chaga emas, xaroba joyga kelgandim. Boshida oʻzim ham hayratlandim. Bu bog’chami yoki “molxona”?

Oʻsha paytda faqatgina 2 ta guruh faoliyat koʻrsatardi.Qolgan guruhlarning derazalari singan, eshiklari yoʻq. Qoʻrqinchli joyga aylangan edi. Oʻz mablag’imdan qisqa fursatda yana 3 ta guruh ochdim. Ta’mirtalab xonalarning 4 tasini ta’mirlab chiqdim.
Lekin baribir, bu yetarli emas.Bog’chaning ikkinchi qavati umuman ishlamaydi. Qish mavsumi kelayapti. Bilmadik, qishdan qanday chiqamiz?
Muqaddas Noʻnayeva mudira boʻlganidan soʻng, turli joylardan mehmonlar kela boshlaydi. Ishchi guruh,MTMlar uslubchilari, hokim oʻrinbosarlari va jurnalist ham. Mehmon kutishdan charchagan mudira bizni sovuqqonlik bilan kutib olgani buni yana bir bor isbotladi.
Axir, mehmon otangdek ulug’ degan naql bor. Ularning har biriga choy ichirishi kerak, mehmon qilishi kerak.

Xaroba boʻlib yotgan bog’chani toʻg’irlash uchun harakat qilayotgan Muqaddas Noʻnayevaga hozir bir mehmonning ham og’irligi tushadi.Buni oʻsha yuzi qattiq “mehmoncha” tushunsa edi koshki…
Endi dardini aytay desa, qop- qop va’dalar berilgan. Men bog’changizni “unday qilib beraman”, “bunday qilib beraman” deyishgan. Mana qish kelayapti va’dabozlardan darak yoʻq.

110 nafar tarbiyalanuvchilari bor bog’cha taqdiriga islohotlar haqida og’zini toʻldirib gapirayotgan “jurnalistcha” ham befarq…

Keyingi manzilimiz Pomuqdagi 14-MTM tomon boʻldi. Har qalay bunisi durustdir degan fikrda borar ekanmiz, kelganimizda bog’chaning tashqi qismining oʻziyoq hafsalamizni pir qildi.
Bu bog’chaning holati narigisidan ham og’irroq, ayanchliroq…
Lekin 80 nafar bolalar shu yerda tarbiyalanayapti. 4 ta guruh ishlab turibdi. Yoʻq sharoitni bor qilib turgan tarbiyachilar joniga balli degingiz keladi.

Koʻksimda og’riq, chuqur nafrat bilan Pomuqdan qaytar ekanman, yoʻl-yoʻlakay oʻzimga savol beraman:

-Qachongacha qishloqliklarni “ noinsof ” mutasaddilar aldab kelishadi?

Qachon bu yerdagi aholi farzandlari shahardagidek, yorug’, shinam, chiroyli bog’chalarda oʻqishadi?

Savolga javob mavhumligicha qolaveradi. Tuman maktabgacha ta’lim boʻlimiga bog’lansangiz, buni viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi hal qiladi deydi. Ularga bog’lansangiz, ishi koʻpligidan qaysi bog’cha haqida gap borayotganini ham anglashmaydi.

Ular oʻzi Qashqadaryoda shunday og’ir ahvolda ishlayotgan bog’chalar haqida bilisharmikan?

P/s: Keskin gapirishga shoshmadik. Kimnidir aybdor qilishdan ham yiroqmiz. Faqatgina ba’zilar endi uyg’onishi kerakligini eslatib qoʻyishni lozim topdik. Buyog’i koʻksini qitiqlagan vijdoniga bog’liq.

D.NABIJON

 

Qadrli saytimiz kuzatuvchilari, telegram kanalimizga barchangizni taklif etib qolamiz! Siz kanalimizga a’zo bo‘lib turli ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etishingiz, yangiliklardan eng birinchilardan bo‘lib xabar topishingiz mumkin.
Kanalimizda Ko‘rishguncha!!!
https://t.me/nasafnewsuz

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here