QOPQON-QOPQOQ YOXUD AKSIYABOZLIK ASKIYASI

244

Xalqimizda “tekin pishloq qopqonda bo‘ladi” degan gap bor. Buning ma’nosini hamma yaxshi anglaydi. Biroq inson hayotda o‘zi ham ana shunday “qopqon”larga tushib qolayotganini, buning ortidan vaqtini, naqdini sarflayotgani sezmay qolayotgani aniq.
Yaqinda ko‘chada o‘ynayotgan 4-5 nafar qo‘shni bolalarning suhbati qulog‘imga chalindi.
-Sen nechta qopqoq yig‘ding? Qaysilari chiqmayapti?
– 80 ta.
– Meniki, 62 ta bo‘ldi
– Menga “f”, “z” harflari yetmayapti.
– Yo‘q harflar bilan ayirboshlash qilamizmi?
– Menga Lloyd hech chiqmayapti. Stakan yutib olishimga o‘sha futbolchi yetmayapti.
-Dadam kecha 4 ta “Pepsi” olib keldilar menga deb… Ammo men qidirgan qopqoq chiqmadi. Endi o‘zlari o‘shanaqa stakan sotib olib berarkanlar…
Qachondan buyon bolalar tekin sovg‘a-salom uchun bunchalar “qopqoq” jinnisiga aylanishdi? Nahotki, ota-onalari ularni bu yo‘ldan qaytarmasa, (hattoki ularga qo‘shilib “qopqoqmaniya”ga berilib ketishsa) yutish ehtimoli 1000 tadan bitta bo‘lgan narsa uchun pul, vaqt sarflashi yaxshi emasligini tushuntirmasa?
– Uyimiz baklashka-yu qopqoqlarga to‘lib ketdi. Har kuni 4-5 ta yutuqli ichimlik olib kelmasa, o‘g‘limning xarxashasi tuta boshlaydi, – deydi qo‘shnimiz Nigora opa. – Qo‘y, bolam, yig‘ma shuni, baribir sen istagan sovg‘ani berishmaydi desam ham “maktabdagi sinfdoshlarim bilan kim ko‘p harfli qopqoq yig‘ishga bahs boylaganmiz” deb injiqlik qiladi. Qopqoqlar soni yaqinda 100 ta bo‘ladi hamki, yutuqdan hamon darak yo‘q. Aksiya tashkilotchilaridan noroziman, u bolalarga yomon ta’sir ko‘rsatayapti.
Shu suhbat bahona kishilarning bugungi kunda avj olayotgan “aksiyabozlik” kasaliga qay darajada duchor bo‘lganiga qiziqib ko‘rdim. Haqiqatdan ham yutuqli qopqoqlarga aldanganlar ko‘p ekan.
– Avvallari do‘konimizda “…tea” ichimligini deyarli sotmas edik. Xaridori kam edi. Ammo shu ichimlik brendi yutuqli aksiya tashkil etib, qopqog‘ida bekitilgan turli harflarni yiqqan ishtirokchilarga qimmatbaho sovg‘alarni va’da qilganidan so‘ng uning talabgorlari ko‘payib ketdi, – deydi Qarshi shahridagi “Saodat” savdo do‘koni xodimi Gulasal Ro‘zimurodova. – Shu va shunga o‘xshash yutuqli ichimliklarni asosan maktab yoshidagi bolalar ko‘p sotib olishdi. Biz ham shu bahona ichimlik savdosidan 2-3 baravar ko‘p foyda qilib olayapmiz.
E’tibor bergan bo‘lsangiz kerak, deyarli ketma-ket har bir brend o‘z aksiyasini e’lon qilib xaridorlar e’tiborini tortayapti. Avvallari sharbat mahsulotlari Dubayga uchishni taklif qilgan bo‘lsa, boshqasi yutuqqa avtomashina qo‘ydi, yana bir ichimlik brendi Rossiyadagi Jahon Chempionatiga yo‘llanmani va’da qilgandi. Qani, aytingchi atrofingizdan biror kim shu aksiyadan bilet yutib Mundialga ketganini eshitdingizmi? Axir bularning bari mahsulot savdosini kuchaytirish uchun qilingan biznes-hiyla-ku.
Bu qopqoqmaniya kasalligi shu qadar yuqumli chiqdiki, hatto ko‘cha ko‘yda yotgan yelim idishlar ham qopqoqsiz qolayapti. Ayrimlar, ko‘ziga qopqoqli baklashka ko‘rindi deguncha “menga kerakli harf bormikan”, “menga kerakli futbolchi ismi yozilganmikan”, “yana bitta tekin ichimlik chiqarmikan” degan vasvasada eng birinchi qopqog‘ini ochib ko‘radi. Agar qopqoq yutuqsiz chiqsa bormi, ichimligini ichgisi ham kelmay qolayapti. Buning ustiga, yutuq tomon eltadigan qopqoqlar savdosi internetda avj olayotganiga nima deysiz? Kerakli harf bitilgan qopqoqni internet do‘konlarda o‘rtacha 10 ming so‘mdan boshlab 100 ming so‘mgacha sotib olishingiz mumkin ekan. Ko‘rib turganingizdek, bitta qopqoqning narxi ichimlikdanam qimmat.
Shunday paytda odamlarga nima bo‘layapti deb o‘ylab qolasan kishi. Axir, sifatli mahsulot reklamaga muhtoj bo‘lmaydi.
Bu borada jamoatchilik fikri qanday:
Javohir, maktab o‘quvchisi:
– Aksiya e’lon qilinganidan keyin sinfdoshlarim bilan kim ko‘p qopqoq yig‘ib, yutuqqa birinchi bo‘lib erishish bo‘yicha musobaqa boshlanib ketdi. Ota-onamiz tushlikka uchun bergan pullarni ham choy sotib olishga sarflay boshladik. Kimga qanday harf etishmasa, bir-birimizga ikki-uch barobarga pullardik. Lekin shuncha vaqt birortamiz tuzukroq yutuq ololmadik.

Hamid O‘ralov, mahalla faoli:
-Tunov kuni to‘yda bo‘ldim. Ishonasizmi bolalar-ku, bolalar kattalar ham qo‘lida bir qancha sariq qopqoqlardan yig‘ib olgan. Hattoki o‘sha suvlar ichilmasa ham ochib qopqog‘ini olvolishayapti. Bu uvol emasmi? Dinimizda ham biror narsaga qattiq berilish, o‘shanda bor jahon bilan ishqiboz bo‘lish qoralangan. Zero, bunday amallar iymonni sustlashtiradi, dunyoviy boylikka hirsni ko‘paytiradi. Shirinliklar, suvlar, lapshalar, yana allaqanday narsalardagi bunday o‘yinlarning oqibati yaxshi emas.
To‘lqin aka, sotuvchi:
-Qopqoq ishqibozlarini hatto do‘kondagi “Pepsi”larni kelib telefonni fonari yoqib, qopqoqni tekshirib ko‘rayapti. Uddaburonlikni qarang, o‘ziga keraklisini sotib olayapti. Ikki-uch yigit do‘kondagi hamma “Pepsi” ichimligini og‘ziga fonar tutib chiqsa, deng. Bir g‘ashim keladi, bir kulgim keladi…
Garchi bugungi kunda “sariq qopqoq talvasasi” biroz tingan (chunki aksiya nihoyasiga etgan) bo‘lsada, bu “amaliyot”ni allaqachon boshqa brendlar “ilib olish”di. Turli sovg‘alar, chet elga yo‘llanmagan va’da qilayotgan mahsulot egalari balki qonun doirasida ish ko‘rayotgandir. Ammo bu xalqimizda antireklama kayfiyatni uyg‘otib, aks ta’sir etmasligiga, sovg‘a ilinjida ham moddiy, ham ma’nan jabr ko‘rmasligiga kafolat emas-ku?! Shunday ekan, haddimiz doirasida ish qilaylik, aksiyabozlik qilib askiya bo‘lib qolmaylik, tag‘in. A, labbay?!
Sabohat UZOQOVA

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here