USTI YALTIROQ ICHI QALTIROQ ( QARSHI SHAHRINING ICHKI YO’LLARIGA BIR NAZAR)

103

2017- yilning fevral oyi. Fuqarolardan tushgan murojaatlarga asosan, Qarshi shahri “Xudoyzod” mahallasidagi ichki yo‘llar holati haqida tanqidiy reportaj “MY5” telekanalining  “Uzbekistan online” informatsion dasturida efirga uzatilgan edi.Oradan bir necha kun o‘tgandan so‘ng mutasaddilar tomonidan yo‘l ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Jurnalist sifatida lavhamizda ko‘tarilgan mavzu ijobiy echim topayotganidan sevingan edik. Lekin sevinchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Mahallaga kirishdagi yo‘lning atiga 100 metri ta’mirlanib, qolgan qismida hech qanday ish amalga oshirilmay qoldi.
Oradan 1 yil o‘tdi.Biron bir natija yo‘q. Yoki mutasaddilar fuqarolarning murojaatiga e’tibor qaratmayaptimi?

Kuni-kecha mazkur yo‘ldan 17- yo’nalishli mashinada o‘tib qoldim. Haydovchi meni tanidi shekilli o‘tgan yilgi mavzuni yana ko‘tardi. Uning tashvishli so‘zlari meni o‘ylantirib qo‘ydi.

Eng achinarlisi, yo‘lda harakatlanish yanada yomonlashgani bois yo‘lovchi va haydovchilarga bir qancha qiyinchililarni tug‘dirmoqda.
Jumladan,“Xudoyzod” va “Chaman” mahallasiga o‘tish yo‘lagi juda tor. Yuk mashinalari bu yerdan muntazam harakatlanadi. Natijada yengil mashinalar uchun qurilgan yo‘l sifati kun sayin buziladi. Kirakashlar “Chaman”mahallasigacha borishni istamaydi. Fuqarolar esa ertalab ishga borish uchun soatlab ularni kutishadi.
-Yo‘lning asfalt qoplamasi yemirilib ketishi natijasida paydo bo‘lgan chuqurchalarni bir necha bor ta’mirlashga harakat qilib ko‘rdik,- deydi mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkor. – Lekin ta’mirlash ishlari katta mablag‘ni talab etadi. Bu bo‘yicha qo‘shnilar bilan hokimiyatga ariza berdik. Muammolar bilan yuzlandik. Lekin hali aniq javob ololganimiz yo‘q.

Qarshi shahri qadimiy shahar. Bu yerga chet ellik sayyohlar , nufuzli mehmonlar juda ko‘p tashrif buyurishadi. Shaharning markaziy ko‘chalarida olib borilgan obodonlashtirish ishlari ularda katta ta’ssurot uyg‘otishi mumkin. Lekin ichki yo‘llardan olib otishga har qanday mezbon ham iymanadi, uyaladi. Usti yaltiroq ichi qaltiroq go‘zallikni kimga keragi bor?

Dilshod NABIYEV

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here