SOG‘LIQNI SAQLASH VAZIRLIGIGA MUROJAAT: MIRISHKOR TUMAN “DO‘STLIK” MASSIVIDAGI “SHIFOKOR UYI” HAQIDA KIM QAYG‘URADI?

82

Baxtli, sog‘lom hayot kechirishning muhim omillaridan biri bu – salomatlikdir. Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, sog‘lom avlodni voyaga etkazish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ana shu ezgu maqsad mujassam.
… Yaqinda Mirishkor tumanining olis qishloqlaridan biri bo‘lgan “Do‘stlik” hududidagi “Guliston” qishlog‘ida bo‘ldik. Mazkur qishloqda jami 2 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun faoliyat olib boradigan “Shifokor uchun xizmat uyi” binosi mutlaqo yaroqsiz holga kelgan.

Buning sabablari bilan qiziqib ko‘rdik, albatta.
-Avvallari qishloq vrachlik punkti sifatida faoliyat olib borardik,-deydi biz bilan suhbatda mazkur binoga mas’ul Norqo‘chqor Kullayev. Keyin esa 15 kilometr uzoqlikda joylashgan Pomuq shaharchasidagi qishloq oilaviy poliklinikasiga ko‘chirildi. Ayni damda bizda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun qulaylik va tezkorlik umuman yo‘q. Homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarimiz murojaat etishsa Pomuq shaharchasiga yoki bu yerdan 53 kilometr uzoqlikda joylashgan tuman markaziga yuborishga majburmiz. Asosan terapevt, ginekolog, stomatolog kabi tibbiyot mutaxassislariga muhtojmiz. Bu borada bir necha bora tuman tibbiyot birlashmasiga ham murojaat etganmiz,- deydi shifokor.
Bundan tashqari, mahalliy aholining so‘zlariga qaraganda, 1987 yilda qurib foydalanishga topshirilgan binoning ko‘rimsiz va ta’mirtalab bo‘lib qolishiga o‘tgan yillar davomida uning biror marotaba ta’mirlanmaganini sabab ekan.
-Qachonlardir, bir yili qattiq shamol bo‘lganida binoning tom qismini uchirib ketgan edi. Shundan keyin hokimiyat tomonidan biriktirilgan ustalar kelib tomning ayrim qismlarini “shunchaki yo‘liga”, “o‘zidan ketguncha, egasiga yetguncha” qilib yopib ketishdi. Qolganini esa o‘zimiz amallab homiylik orqasidan yopib qo‘ydik,- deydi mahalla raisi X. Shamshidov

Binoning saqlab qolingan jihozlari Norqo‘chqor akaning say’-harakatlari evaziga bugun foydalanilib turibdi. Chunki shifokorning kuyunchaklik bilan ta’kidlashicha, ularda qorovul, orastabonu, hamshiralar va hattoki shifokorlarning yetishmasligi og‘riqli nuqta hisoblanarkan.
-Muammolarimiz talaygina. O‘zim shu erda ishlayotganimga ko‘p yillar bo‘ldi. Yarim “stavka” oylik maoshim bor-yo‘g‘i 300.000 (Uch yuz ming so‘m) chiqadi. Aslida mana shu pulni ham tuman markaziga ikki-uch marta yig‘ilishga borib kelsam yo‘l xarajatini o‘ziga ishlatib qo‘yaman. Bir necha yil avval davlat tomonidan ajratilgan oddiy kiyim ilgichlargacha o‘g‘irlab ketishgani tufayli hozir kunimning asosiy qismini ishxonada o‘tkazaman. Axir bu er mening uyimdek bo‘lib qolgan.
Buni murojaatdek qabul qilishsa ham mayli,-deydi Norqo‘chqor aka. Bizda eng asosiysi masofalar uzoqligini hisobga olib tez yordam mashinasi ajratilsa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi-da. Axir hududimizda ikki mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Kimning joni og‘risa yoki salomatligida biror muammo tug‘ilsa avvalo mening yonimga yugurib kelishadi. Shundayam bor imkoniyatdan foydalanamiz, ammo ba’zan oddiy tibbiy xizmatga qo‘lim kaltaligidan afsuslanaman.

Biz yuqorida ko‘rganlarimiz Mirishkor tumanidagi yana bir dolzarb va yechimini kutayotgan muammolardan biri. Umid qilamizki, yaqin kelajakda “Do‘stlik” hududi aholisi uchun ham zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Muqaddas ISMOILOVA

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here