Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyatining Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi”ning yangidan barpo etilgan 96 o‘rinli zamonaviy kompleks binosi foydalanishga topshirildi.
Markaz 60 turga yaqin 180 ta zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, reabilitatsiya xizmatlarining kompleks tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, O'zbekistonda yagona bo'lgan Alter-G, limfadrenaj, membranali gidromassaj, TMS, EEG, rentgen, EKG, osma relslar, ultratovush diagnostika hamda barcha turdagi laboratoriya tekshiruvlari joriy etildi. Bobat uslubida davolash, manual terapeya, kinezioterapeya, sensor relaksatsiya, logoped va psixologik xizmatlar mavjud.
E’tiborli jihati shundaki, bugun reabilitatsiya xizmatlari faqat tibbiy muolajalar bilan cheklanib qolmay, balki tibbiy bo‘lmagan ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarini ham qamrab olmoqda. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish qobiliyatini tiklash, ijtimoiylashuvi, jamiyatga moslashuvi va mustaqil hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xizmatlar kompleks tarzda ko‘rsatilmoqda.