ERTA SO‘NGAN YULDUZ

104

Furqatni «Nukus-FM» radiosiga kelgan paytimdan taniyman. Universitetda o‘qigan paytimda bizlardan ikki-uch kurs keyin o‘qiganini bilaman. Biroq, inson sifatida radioga kelib yaxshi tanib boshladim. 2016 yilning may oyi edi. U paytlari uning sayti borligidan umuman xabarim yo‘q. «Nukus-FM»da noyabr oyidan boshlab «Qaraqalpaqstan-online» deb nomlangan informatsion dasturni tayyorlab boshladik.

Informatsiyaning ko‘pchiligini Furqatning kruz.uz saytidan olardik. Kuniga ikki marotaba efirga berilganidan so‘ng informatsiyaning barchasi faqat qog‘ozda qolib ketar, tinglovchilarning uni topib olishining imkoni yo‘q edi. U paytlari radioning saytida efirdan o‘qilgan informatsiyalari joylashtirilmasdi. Shuncha mehnat qog‘ozda qolib ketmasin deya Furqatdan sayt ochishga maslahat so‘radim. U saytning ikir-chikirigacha erinmasdan o‘tirib, soatlab tushintirardi. Bunday qaraganda, yana bitta informatsion saytning ochilishi uning saytiga raqobatchi bo‘lishi kerakdek, lekin bizlar o‘zaro do‘st edik. Furqatning “makan.uz”ning ochilishida bergan beminnat yordami, qadrli maslahatlari uchun, insoniyligi uchun juda qattiq hurmat qilaman. Sayt ochilib ish boshlagandan keyin ham ko‘pgina qiyinchiliklar bo‘ldi. Furqatning telefonini tindirmasdim sira…

O‘tgan yilning avgustidan boshlab Furqat, men va “karinform.uz” saytlari uchun saytlarimizni OAV sifatida davlat ro‘yhatidan o‘tkazishimiz kerak bo‘ldi. Uchchalamiz endi qanaqa qilsak bo‘ladi, deb ko‘p bosh qotirdik. Chunki, buning uchun yuridik shaxs sifatida tadbirkor bo‘lib ro‘yhatdan o‘tish kerak edi. Yaqinda “makan.uz”ni MCHJ bo‘lmasdan jismoniy shaxs sifatida davlat ro‘yhatidan o‘tkazdim. Quvonchimni qolgan saytning bolalariga ham aytdim. O‘tgan hafta, – Lola opa agentlikdan qo‘ng‘iroq qilib bilib bering, mening saytimning guvohnomasi nima bo‘lgan ekan, – degandi. Qo‘ng‘iroq qilsam ular hujjatlar komissiyaga kiritildi. Javobini tez kunda aytamiz, – deyishdi. Bir-ikki haftadan keyin guvohnomaningni olarkansan, sal sabr qilib tur, – degandim. Furqatning sayt guvohnomasini ko‘ra olmasdan ketganiga qanchalik afsusda ekanimni ifoda eta olmayman… Sal avvalroq agentlikdan telegramimga, – «Tez orada kruz.uz’ga guvohnoma beriladi», degan xabar keldi…….

«Nukus-FM»da o‘tirib ko‘p narsalarni maslahatlashganmiz. Ikkalamiz navbatma-navbat tuman saytlariga maqola yozardik. Hokimiyatning saytlarini shunchaki emas, xalq mahalliy informatsiyani o‘z vaqtida bilib borishlari, hokimiyatlar o‘zlari ishlayotgan ishlarini xalqqa yetkaza olishlarini istardik. Uning, – men har kuni o‘tirib tuman saytlarini ko‘rib boraman, u sayt yaxshi ishlayapdi, bu sayt umuman «to‘xtab qoldi», – degani esimda. Yaxshi ishlayotgan tuman saytlarning hokimlarini maqtardi.

Uning faqat kasbi emas, joni jurnalist edi.

Sayti uning jon dunyosi edi. Yoshlar ittifoqida ishlashidan ham xursand edi. Ittifoqdagi ishini saytida ishlagani singari chin ko‘ngildan, bor ishtiyoqi bilan ishlardi. Maoshga emas, o‘zi shu ishidan rohatlangani uchun ham chin ko‘ngildan ishlardi. Ko‘pgina tadbirlarni shaxsan o‘zi tashkillashtirgan. Yoshlar ittifoqida press-klub tashkil qildi. Eng faol jurnalist, hamma narsaga ulguradigan chaqqon inson….

Barchasini aytib, uning Qoraqalpog‘iston jurnalistikasini uyg‘otishga qo‘shgan hissasini aytmasdan ketish mumkin emas. Qoraqalpog‘istonda xususiy birinchi informatsion sayt “kruz.uz” informatsion internet-jurnalistikasining uyg‘onib, ilk qadam otishi Furqat Yusupovning faol jurnalistik ishi bilan boshlandi.

Cho’kayotgan qizni (yaqinda to‘yi bo‘lar ekan) qutqaraman deya o‘zi ham cho’kib ketibdi, deb eshitdik. Uning bunday ishlashiga ishonaman. U shunday oq ko‘ngil, hamisha insonlarga yordam berishga tayyor inson edi. Bir-ikki kunlikda, – bitta o‘rtog‘im olib ketadi, o‘zim ishim bilan ketayotgandim, iltimos mana shu pullarni berib qo‘ying, pul qarz so‘ragandi – deb ishxonamga kelib ketgandi… Qaniydi bu voqealarning barchasi yolg‘on bo‘lib chiqsa…

Do‘stimizning ota-onasiga, yaqin qarindoshlargia sabr tilaymiz! Seni hamisha yodimizda saqlaymiz. Qoraqalpoq jurnalistikasida isming mangu qoladi do‘stim…

                                                                                                                                        Lola  Kallikhanova  

 

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here