BALAND TOG’LAR BAG’RIDAGI ZAMONAVIY IJOD MASKANI…

90

Qashqadaryo viloyatining sarhadlari shu qadar bepayonki, ba’zan ohiriga yetolmaysiz. Bu bepayonliklar kishini har faslda oʻz jozibakorligi bilan rom etadi.
Odatda dala-dashtlar tog’lar bilan tutashib ketadi. Balan-past, kichik tepaliklar va shu tepaliklardan hosil boʻlgan tog’lar bag’rida aholi istiqomat qiladi.

Dehqonobod tumanidagi Oqirtma qishlog’i fikrimizga misol. Qishloqning qoq oʻrtasida, tog’lar bag’rida zamonaviy madaniyat markazi bor. Bu dargoh mana bir necha yildirki, aholiga xizmat qilib kelayapti.

Oqirtma Madaniyat va aholi dam olish markazining badiiy rahbari Zamira Shukurova mehmondoʻst ayol. Agarda markazga yoʻlingiz tushsa bunga oʻzingiz ham iqror boʻlasiz.
Zamira opaning bu sohada 30 yillik tajribasi bor. U markazdagi barcha ijodiy va badiiy tadbirlarga rahbarlik qiladi. Oʻzi bilganlarini yosh avlodga oʻrgatadi.
– Madaniyat markazimizda turli toʻgaraklar ham yoʻlga qoʻyilgan,-deydi Zamira opa biz bilan suhbatda. Bu toʻgaraklarda asosan qishlog’imizning yoshlari qatnashishadi. Ularga musiqa asboblari asosida  kuylar chalish oʻrgatiladi.Shuningdek, yaqinda kutubxona ham faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Kichik kutubxonamizdagi kitoblarni aholi kelib bemalol mutolaa qilishi mumkin. Hozirda kutubxonaga yana yangi adabiyotlar olib kelishni rejalashtirayapmiz.

Oqirtma Madaniyat va aholi dam olish markazi 2016-yilda zamonaviy binoda ish faoliyatini boshlagan edi. Bugungi kunda bu yerda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijod kechalari, sanatkorlar bilan uchrashuvlar ham oʻtkazilmoqda.

Dilshod NABIYEV TAYYORLADI

Qashqadaryo yangiliklarini telegram orqali kuzatib boring! → https://t.me/nasafnewsuz

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here