BUNI KORRUPSIYA DEYDILAR

78

Jamoat transportida xayol surib ketar ekanman, haydovchining tashvishli so‘zlari e’tiborimni tortadi.

-Mana shu bir parcha temir avtomashina narxi falon pul, oddiy odam umr bo‘yi ishlasa ham bu narxda  mashina olib minolmaydi.

Yonida o‘tirgan yigit uning gaplariga qo‘shiladi,
– Samarqandda 3 ta avtomobil pulidan ham qimmat raqamlar sotilibdi. Bir boyvachcha ana shunday avtoraqamlardan birini xarid qilgan emish.

Biz bilan birga ketayotgan yoshi ulug’roq nuroniy gapga qo‘shilib shunday deydi:

-Buni korrupsiya deydilar…

Birdan jimlik cho’kadi, yana hamma o‘z xayollari va tashvishlarini o‘ylab keta boshlaydi.

Avtomobilning narxini korrupsiyaga nima aloqasi bor deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak. Aloqasi shundaki, odamlarni tabaqalantirish yuzaga keladi.

Singlim oliy ta’lim dargohiga hujjat topshirishi uchun unga hamrohlik qilib bordim.Odam juda gavjum. Hujjat qabul qilayotgan mas’ullar ichidan o‘qituvchilarni kuzatmaysiz, deyarli barchasi 3 yoki 4 kurs talabalari. O‘qituvchilarga yordam berishsa yomonmi deb o‘ylab turgan edim, g’alati holatning ustidan chiqdim.

-Navbatsiz hujjatlaringizni qabul qilib, kompyuterga ism-sharifingizni kiritganimiz uchun 10 ming to‘lab keting…

Chetdan qarab tursangiz barcha abituriyentlar shu so‘mmani to‘lab ketishayapti. Ko‘lankasini maydon qilgan talaba yaxshigina pul ishlab olmoqda.

Buni korrupsiya deydilar…

Yana bir holat, yaqinda kichik ukamni shahardagi maktabgacha ta’lim muassasasiga bergani bordik. Rosti bugun hukumat tomonidan bu tizimga yaratilgan imkoniyat haqida qancha gapirsak oz. Ammo, masalaning boshqa tomoni bor.  Bog’chada bironta ham joy qolmagani biroz ta’bimizni xira qildi. Nima ham derdik davlat bog’chasiga ertaroq navbat olmasa o’rin qolmaydi-da. Izimizga qaytmoqchi bo‘lganimizda mudiraning o‘zi so‘z boshladi.

-Bilasizmi ukangizni bog’chaga bu oyning boshida olamiz. Faqat tog’ri tushunasiz navbatsiz olishning ozroq xarajatlari bor. Hozirning o‘zida 45 nafar bola navbatga turibdi. Agar xarajatlarini to‘lasangiz birinchi ukangizni qabul qilamiz.

Mudiraning gapiga biroz tushunmadim, u har oyda to‘lab borilayotgan to‘lov haqida gapirdimi?

Yana qanday xarajat bo‘lishi mumkin. Qo‘shnimiz bilan suhbatlashsam masalaning asl mohiyati yuzaga chiqdi. Bitta bolani bog’chaga navbatsiz joylashtirish 300 AQSH dollar ekan.

Buni korrupsiya deydilar…

Yaqinda ish joyimdan tibbiy ma’lumotnoma so‘rab qolishdi. Shu tufayli poliklinikaga bordim. Ro‘yxatxonada amaliyotni o‘tash uchun kelgan yosh hamshiralarga yuzlandim.Ularning so‘zlariga qaraganda, bosh shifokorning huzurida odam bor ekan. Shu bois kutib turishimni uqtirishdi.Mayli deya kutib turgan edim, hamshiralardan biri  gap boshladi:

-Agar ishingiz tez bitishini istasangiz 25 ming so‘m to‘lang, o‘zim ma’lumotnomani tayyorlab imzolatib chiqaman.

Buni ham korrupsiya deydilar…

Eng yomoni shundaki, bugun avj olgan poraxo‘rlik millat taqdiriga, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunga sababchi kim? Avvalo o‘zimiz, biz ishimiz oson bitishini ko‘zlaymiz, mashaqqatlardan qochamiz, mehnat qilishga erinamiz.

Keyinchi, keyin nima bo‘ladi? Bizga vijdoni va insofini sotib ochiqchasiga pora taklif qilganga qarshilik qilmaymizda, imi-jimida bu jinoyatga sherik bo‘lamiz-qolamiz. Huddi bizning aybimiz yo‘qdek, boshimizni baland tutib, pul bilan hammasini hal qilsa bo‘larkan-u deb mag’rurlanamiz…

To‘g’ri ishlab, to‘g’ri yashash saodatini bolalikdan, yoshlikdan o‘rgangan odam mard va halol bo‘ladi. Bunday insonlar oramizda juda ko‘p. Ularga ergashsak, korrupsiya degan baloning ildiziga bolta urgan bo‘lamiz.

Dilshod  NABIYEV

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here