OYOG’OSTI BOʻLGAN “DIPLOM”LAR

105

9 yillik maktabdagi saboq, 3  yillik  o’rta maxsus ta’lim dargohidagi toʻplangan bilim, 4 yillik oliy ta’limdagi o’rganganlarimiz ma’lum sohani egallash uchun katta ahamiyatga ega. Oradan oʻtgan yillar oson boʻlgani yoʻq. Ba’zan baho olish uchun tinimsiz o’qidik, ba’zida esa bilm olish uchun oʻrgandik, izlandik!

Bugun qoʻlimizga oliy ma’lumotli diplom topshirildi. Uni olganda oʻtgan yillar ko’z oʻngimizda bir-bir gavdalanadi. Yanada baxtiyor sezdik oʻzimizni…

Ammo, quvonchli damlarimizni qadriga yetmaydigan, osonlikcha talaba boʻlgan, osonlikcha baho olgan, osonlikcha oʻqishni tamomlaganlar ham talaygina ekan. Ular bugun diplomni oyog’osti qilishmoqda. Qanday deysizmi? Unda suratlarga e’tibor bering?

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab yoshlarimiz oʻzini koʻz-koʻz qilmoqdalar. Ahmoqona usul, ahmoqona qiliqlari bilan. Sening oyog’ing ostida turgan oʻsha diplom ba’zilarning bir  umrlik ushalmagan orzusi ham boʻlishi mumkin. Ayrimlar shu diplomga erisholmagani uchun bugun koʻcha-kuyda mardikor, koʻplab yoshlarimiz esa chet elda oilasidan yiroqda pul topish dardida yuribdi.

Ey, INSON bolasi oʻsha diplomni oyog’osti qilishdan avval oʻylamadingmi? Sen avvalo ota-onang, senga mehnati singgan oʻqituvchilaring yuziga oyoq qoʻyayotganing xayolingga kelmadimi? Vijdoningni bir chertib oʻtmadimi? Yoki  manmanlik, maqtanchoqlikni barcha aziz narsalardan ustun qoʻydingmi?

Ayb kimda oʻzi? Farzandini hech kimdan kam boʻlmasin deb taltaytirib qoʻygan ota-onadami?

Diplomga osongina yetishishga zamin hozirlagan oʻqituvchining aybi bormikan yoki?

Oyog’osti bo’lgan diplomlarni koʻrib shu kabi savollar bizni ham qiynaydi.

Eng yomoni oʻsha 3 yoki 4 nafar yoshning xatti-harakati butun millat yoshlariga salbiy ta’sir  oʻtkazadi. Ular ziyolilar yuziga oyoq bosdilar.

P/s: Men talaba emasman. Ikki yildan  buyon bu baxtga erishish uchun kurashyapman, oʻqib-oʻrganayapman. Agar talaba boʻlsam, oʻqishni a’lo baholarga tugatsam, qoʻlimda turgan diplomimni asrab – avaylayman, koʻzimga surtaman! Xudo xohlasa albatta.

Doniyor ORIPOV

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here