ESKI BINO,SOVUQ SINF,NURAGAN DEVORLAR…QASHQADARYODAGI MAKTAB HOLATI MUTASADDILARNI QIZIQTIRMAYDIMI?

87

Qashqadaryo viloyati G’uzor tumanidagi  47-umumta’lim maktabidagi sinfxonalar yomg’irli kunlarda  suvga to‘lmoqda.Maktabning ta’mirtalab holga kelib qolgani va bu hech kimni qiziqtirmayotganligidan maktab ma’muriyati tashvishga tushmoqda.Bu haqda “Nasafnews.uz”ga maktab xo‘jalik mudiri Alisher Nurimov ma’lum qildi.
1986-yildan beri umuman  ta’mirlanmagan ta’lim dargohi bugungi kunga kelib yaroqsiz holatga kelib qolgan. Bu esa ta’lim-tarbiya jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
-Yomg’irli kunlarda keling, ko‘rasiz har bir sinfdagi chakki tomadigan burchaklarga chelak qo‘yib chiqamiz,-deydi Alisher Nurimov. Derazalar eskirib qolganidan ochsa to‘kilib ketadi.Sinfxonalarni isitib bo‘lmaydi.Ota-onalar ayni qish kunlarida farzandlarini maktabga yuborishga ham qo‘rqishadi. Chunki osti pol qilinmagan beton sinfxonalarga 1 soatdan ortiq turib bo‘lmaydi. Qancha mahalliy pech yoqmaylik, berilgan sifatsiz ko‘mir tufayli isitish katta muammoni tug’diradi.
Mazkur masala yuzasidan maktab direktori ayni kunlarda malaka oshirishda bo‘lganligi sababli, uning o‘rinbosari vaqtinchalik direktor vazifasini bajaruvchi Ravshan Xolboyevga yuzlandik. Uning bergan ma’lumotiga ko‘ra, “Elbek Fotima” xususiy qurilish firmasining zimmasiga  ta’mirlash ishlarini bajarish yuklatilgan. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, ta’mirlash ishlari kechiktirilmoqda. Bu borada firma  nima deydi?
“Elbek Fotima” xususiy qurilish firmasi vakili Nurali Muhammadiyev:
-47-maktab rostan ham juda og’ir ahvolga kelib qolgan.Bundan xabarimiz bor. Shu bois maktabni ta’mirlash ishlarini bajarish uchun tenderdan 1 mlrd 180 mln so‘m mablag’ni yutib oldik. Hozirda loyiha tasdiqlanishini kutayapmiz. Tasdiqdan o‘tsa qayta qurilish ishlari boshlanadi.

Qurilish firmasi loyihaning tasdiqlanishini kutmoqda. Lekin bu loyiha qachon tasdiqlanadi, aniq emas? Kelajak avlod esa sovuq xonalarda tahsil olishga majbur.
Eng qizig’i G’uzor tuman Xalq ta’limi bo‘limi bu muammoni jimgina kuzatayapti…

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi maktablar holati to‘liq o‘rganilmadimi?

Yaqinda Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati Qashqadaryo viloyatida joylardagi vaziyatlarni o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etganligini ma’lum qilgan edi. Qiziq ishchi guruhning yo‘li G’uzor tumaniga tushmadimikan? Yoki o‘rganish ishlari to‘liq olib borilmagan edimi?
Vazirlikning  OAVlarga bergan axborotiga ko‘ra, 2018-yil davomida viloyatdagi 200 dan ortiq maktabda isitish tizimlari yangilangan va qo‘lbola “burjuyka” pechlari, yaroqsiz qozonlar yangi zamonaviylariga almashtirilgan.
Qolgan maktablarchi? Ularda bolalar o‘qimaydimi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryoda 1100 tadan ortiq maktablar faoliyat ko‘rsatadi. Bu dargohlarning 30 foizi ta’mirtalab holga kelgan. 7 foizi esa  umuman talabga javob bermas ekan. Bu degani tizimda so‘nggi 2 yil ichida deyarli ish bajarilmadi, deganidir.

O‘rinli va javobini kutayotgan savol…

Nahotki, mutasaddilar  maktabning bu holatidan bexabar bo‘lishsa? Katta yo‘l yoqasida joylashgan ushbu ta’lim maskani e’tibordan chetda qolib kelayotgani, jiddiy muammolar yig‘ilib qolgani bilan tuman xalq ta’limi, hokimlik qiziqmaydimi? Vazirlikning ishchi guruhi hisobot uchun maktablarni o‘rganib asl muammolarga  ko‘z yumib ketaveradimi?
Demak “kun o‘tsa bo‘ldi” qabilida ish tutayotgan bunday rahbarlar bu bilan kelajagimizga xiyonat qilishayotgan ekanda?
Ko‘z qorachig’ingizdek asrab katta qilgan farzandingizni sovuq xonalarda o‘qishini xohlarmadingiz? 2 kun maktabga borib shamollab qolishinichi?
Buni hech bir ota-ona istamaydi. Hox u qishloqda bo‘lsin, xoh shahar markazida. (mavzuga yana qaytamiz)

Dilshod NABIYEV TAYYORLADI

Qashqadaryo yangiliklarini telegram orqali kuzatib boring! → https://t.me/nasafnewsuz

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here