BALAND TOG’LAR MO‘JIZASI ( HAZRATI BASHIR ZIYORATGOHINING SIZ BILMAGAN SIRLARI)

656

Tabiat mo‘jizalari hamisha insoniyatni o‘ziga maftun etib kelgan. Yurtimizda ana shunday mo‘jizakor go‘shalar esa talaygina.Ba’zan sir -sinoatlarga to‘la qadamjolarga tashrif buyursangiz, sizni ajib hislar qamrab olib dilingiz yorishadi. Sershovqin shahar markazidan uzoqlashib biroz tin olasiz, o‘zingiz bilan o‘zingiz suhbatlashasiz, tabiatning yoqimli manzaralariga nazar tashlaysiz.

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan Hazrati Bashir ziyoratgohi haqida ko‘pchilik eshitgan, ayrimlar bu joylarga tashrif buyurib, ziyorat qilib ketishgan. Biroq, biz mazkur ziyoratgohning siz bilmagan sir-sinoatlari haqida hikoya qilish uchun “Nasafnews.uz” axborot portali ijodiy jamoasi bilan baland tog’lar bag’riga otlandik! Safarimiz davomida hududdagi “Varganza” MFY raisi bizga hamrohlik qilib, bugun bu yerlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

Chindanham mustaqillik tufayli bugun “Varganza” qishlog’i tanib bo‘lmas darajada ko‘rkam qiyofa kasb etgan. Baland uylar, zamonaviy ko’chalar, obod mahalla guzarlari va yaqinda yangi kutubxona ham barpo etilibdi.
Mahalla raisi Ziyodulla aka Mirzoyev bilan suhbatlashib nihoyat Hazrati Bashir ziyoratgohiga ham yetib keldik. Qadamjoga kirshingiz bilan ariqlarda oqayotgan zilol suvga ko‘zingiz tushadi.
Yo‘l yoqalab borsangiz, suvning boshini ham topasiz. Ma’lumotlarga qaraganda, baland chinor ostidan sizib chiqayotgan bu buloq suvi oshqozon ichak, yurak xastaliklariga davo bo‘lib kishini tushkunlikdan xalos etadi.
Yaratgandan ezgu niyatlari ijobatini so‘rab ziyoratchilar obi hayotdan iste’mol qilib tog’ bag’rida joylashgan maqbara zinalariga chiqishadi.
Oxirgizinadan chiqib maqbara yoniga kelsangiz, o‘zingizni yanada yengil his qilasiz. Butun borliq go‘yoki kaftingizda namoyon bo‘ladi. Atrof go‘zalliklariga mahliyo bo‘lasiz, qolasiz.
Maqbara haqida hikoya qilishdan avval Hazrat Sulton Said Ahmad Bashi aslida kim bo’lgani haqida ma’lumot berib o‘tmoqchimiz. U 1368-yilda Kitob tumanining Kosatarosh qishlog’ida tug’ilgan.Hazrati Bashir 4-5 yoshgacha ota-ona qo‘l ostida , so‘ng Qizilqoya g’ori Sandiqtoshda mustaqil yashab, shariat, tariqat,ma’rifat , haqiqat bobida kamolga yetadi. Islom olamida Bahovuddin Balogardondan keyin, Naqshbandiya ta’limotida buyuk siymo hisoblanadi. Ayrim manbalarda aytishlaricha, Hazratni qabrga qo‘ygach, nomozi shomdan keyin osmondan nur tushib, u kishining muborak qabrlarini yoritib turgan. Hozirgi kunda maqbarada 3 ta qabr joylashgan, qabrlardan biri noma’lum shaxsga tegishli bo‘lsa biri Hazrati Bashir hamda shogirdlaridan biri dafn etilgan degan taxminiy ma’lumotlar bor. Shu o‘rinda yuqorida ta’kidlaganimiz buloq suvi haqida yana to’xtalmoqchimiz. Hazrati Bashir tug’ilganda mazkur buloqdan sut oqib chiqqan ekan. Bolakay yoshligida shu sutdan iste’mol qilib kamol topgan. Bu ham unga yaratgan tomonidan berilgan bir inoyatdir desak yanglishmaymiz.

ANORCHILIK ASOSCHISI…

Varganza anorlari o’zining ajoyib ta’mi bilan butun dunyoga mashhur. Bu bejiz emas, albatta. Hazrati Bashirning anorchlik sohasi taraqqiy etishida katta hissasi bor. Aytishlaricha, u hududdagi barcha anor navlariga asos solgan ekan. Qanday deysizmi? Unda diqqat qiling! Varganza qishlog’idan 6 km uzoqlikda Qizilqoya g’ori bor. Bu g’orda Hazrati Bashir yashab ijod qilgan davrda toshni yorib 1 tup anor daraxti o‘sib chiqadi. U anor navlarini olib butun dunyo kezadi. Biroq, ko‘chatlar hech qayerda o‘smaydi, ko‘karmaydi. Oradan yillar o‘tgandan so‘ng, “Varganza” qishlog’i hududidagi yerlarga yana ko‘chatlarni ekib ko‘radi. Buni qarangki, bu yerlarda daraxt novdalari gullab yashnab ketadi. Bundan ajablangan bobokalonimiz yaratganga shukrona aytadi.
Ana shunaqa gaplar…

Aslida biz ziyoratgoh haqida koʻplab ma’lumotlarni berishni ahd qilgan edik. Ammo aholi tilida yuruvchi bu ma’lumotlarning ko‘p qismi rivoyatlar sanaladi va ba’zilari shunchaki to‘qib chiqarilgan. Shu bois safarimiz davomida asoslangan manbalarni saytimiz o‘quvchilari hukmiga havola qilishni lozim deb topdik. Aytishadiku, ming marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan afzal deb…

Shu bois, bu mo‘jizalarni kelib tomosha qilish, xordiq chiqarish, toza havodan to‘yib nafas olishga nima yetsin! Shundaymi?

Dilshod NABIYEV, “Nasafnews.uz” axborot portali uchun maxsus

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here