QAROVSIZ VA TA’MIRTALAB ARXIV BO‘LIMI HAQIDA AXBOROT TO‘PLASHI UCHUN JURNALISTGA ARXIV BOSHQARMASINING ROZILIK XATI KERAKMI?

60

Qashqadaryo viloyat Arxiv Boshqarmasining bugungi kunda tumanlarda ham qator bo‘limlari o‘z faoliyatini olib bormoqda. Faoliyat davomida albatta har bir xodimga imkoniyat va sharoit zarur. Bu esa fuqaroga koʻrsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilaydi.Afsuski, barcha arxiv bo‘limlarida ham yaratilgan shart-sharoitni ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi.

“Nasafnews.uz” axborot portaliga Nishon tumanidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda “Nishon tumani idoralararo shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar arxivi” binosi anchayin ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi aytiladi.

Mazkur masala yuzasidan arxiv bo‘limi tomon yo‘l oldik. Aslida arxiv bo‘limlari tuman markazlarida joylashishi bu esa murojaat etuvchi fuqaroga qulaylik tug’dirishi lozim.Biroq Nishonda bo‘limni topish uchun ko‘pgina sarson bo‘lasiz.
Markazning eng chekka mahallasida joylashgan dargoh ko‘p yillardan beri ta’mirlanmaganligi , yaroqsiz va qo‘rqinchli holatga kelib qolganligini borib ko‘rdik, kuydik. Ichkariga kirar ekanmiz, bu yerdagi holatdan ko‘nglimiz ham xira tortdi. Go‘yoki hududda umuman obodonlashtirish ishlari olib borilmagan. Bajarilgan bo‘lsa ham “mendan ketguncha egasiga yetguncha” qilingan.

Bo‘limda faoliyat ko‘rsatuvchi Hasan Omonovning aytishicha, tashkilotga o‘tkazilgan elektr tarmog’ida ham nosozliklar uchrab turadi. Buning sababi elektr simlari to‘liq payvandlanmagan.
Holat yuzasidan Nishon tumani idoralararo shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar arxivi rahbaridan izoh so‘rash maqsadida ish joyidan topolmagach, qo‘l telefoniga qo‘ng’iroq qildik. Rahbar hozir paxta dalasida hasharchilarga bosh bo‘lganligi va biriktirilgan bo‘lim rahbari ruxsat bersa uchrashishini bildirdi. Oradan taxminan 2 soat o‘tgandan so‘ng, tuman markazida rahbar bilan ucharishib arxiv bo‘limidagi muammolar haqida so‘radik.

– Bizning arxiv binosi shaxsiy tarkibda ekanligi uchun hech kim ta’mirlab berolmaydi,- deydi arxiv bo‘limi rahbari Shavkat Boʻronov. Tashrifingiz yuzasidan esa Qashqadaryo Viloyat Arxiv Boshqarmasi rahbari Shuhrat Tursunovga xabar qildim.Rahbarimiz bizning faoliyatimizni o‘rganishingiz uchun boshqarmaga xat bilan chiqishingiz, ular rozi bo‘lsalargina sizga ma’lumot berishimizni aytdi.

Ana bo‘lmasa! Arxiv Boshqarmasi rahbari Shuhrat Tursunovga jurnalist xat bilan chiqishi, faqatgina u aytgan yaxshi bo‘limlar haqida axborot to‘plashi kerak emish. Bizning anglaganimiz shu bo‘ldi.
Bugun jamiyatimizda ko‘plab muammolarning ijobiy yechim topishida to‘rtinchi hokimiyat sanalmish OAVlarning o‘rni kattaligi, jurnalist qonun asosida mone’liksiz axborot to‘plash va tarqatish huquqiga ega ekanligini ko‘plab rahbarlar bilmaydi, bilsa ham amal qilmaydi.Bunga faoliyatimiz davomida guvoh bo‘layapmiz.

Mas’uliyatli rahbarlar ham yo‘q emas. Ular bugungi kunda “Nasafnews.uz” axborot portalida ko‘tarilgan qator muammolarni e’tiborsiz qoldirmagan holda ijobiy yechim ham topishmoqda.

Jurnalist, muxbir yoki OAV xodimi xalq ichida bo‘lishi, odamlar dardini tinglay bilishi, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishda o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Tahririyatimizning har bir xodimi o‘z oldiga ana shunday ezgu maqsadni qo‘ygan.

O‘ylaymizki, Viloyat arxiv Boshqarmasi, Tuman hokimligi va boshqa mas’ullar bizni qiziqtirgan muammoga tez orada e’tibor qaratishadi.

Dilshod NABIYEV

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here